O‘zbek milliy akademik drama teatri ustoz san’atkorlari Farg‘onada
30 Sep, 2026 - 15:42
17
O‘zbek milliy akademik drama teatri ustoz san’atkorlari Farg‘onada
Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyida 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan O‘zbek milliy akademik drama teatri ustoz san’atkorlari ishtirokida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatda faoliyat olib borayotgan ustoz va murabbiylar, yoshlar, keng jamoatchilik hamda san’atsevarlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov, Zuhra Ashurova, Saida Rametova, Tesha Mo‘minov, Ra’no Yarasheva, Tohir Saidov, shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sadiyev va taniqli aktyorlar Lola Eltoyeva, Hamza Hasanov, Sharofiddin Muzropovlar ishtirok etib, o‘zlarining ijodiy tajribalari, hayotiy saboqlari va ezgu tilaklarini yoshlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Samimiy muloqotlar, ustozlarning hikmatli o‘gitlari, diltortar kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Ustoz va murabbiylarning jamiyat hayotidagi yuksak o‘rnini e’tirof etish, ularning mehnatiga hurmat ko‘rsatish, yosh avlodni milliy san’at va madaniyatga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishda tadbir muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbek milliy akademik drama teatri ustoz san’atkorlari ishtirokidagi ijodiy uchrashuvlar viloyatimizda 1-oktabr kuniga qadar davom etadi.